Maktab yangiliklari

Yosh iste’dodlar — kelajak bunyodkorlari!

Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi Matbuot xizmati tomonidan olib borilayotgan media loyiha doirasidagi manzil Uchtepa tumani 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi bo‘ldi.

Tashrif davomida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abbos Qosimov boshchiligidagi bir guruh san’atkorlar ushbu maktabning faoliyati, o‘quvchilarning ijodiy ishlari hamda ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, ustozlar va yosh iste’dodlar bilan qiziqarli intervyular tashkil etildi.

Maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilar musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishi, ijodiy izlanishlari hamda kelajakdagi maqsadlari haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijodini keng jamoatchilikka yetkazish - madaniyatimiz rivojining muhim omillaridan biridir.

Tashrif davomida ushbu maktabni tamomlab, bugungi kunda madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritib kelayotgan soha vakillari bilan qiziqarli intervyular tashkil qilindi.

Suhbat jarayonida ular o‘zlarining ijodiy faoliyati, san’at yo‘lidagi tajribalari hamda yosh avlodga tilak va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Shuningdek, maktabdagi ustozlari ta’lim yo‘nalishlari, o‘quv jarayoni hamda yosh iste’dodlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.