Maktab yangiliklari

“Bahor nafasi” tanlovi boʻlib oʻtdi

Toshkemt shahar Madaniyat boshqatmasi tasarrufidagi Chilonzor tuman, 15-son Bolalar musiqa va san’at maktabida joriy yilning 26-mart sanasida Toshkent shahar bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilarining tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha “Bahor nafasi” Toshkent shahar tanlovi o‘tkazildi. Ushbu tanlovga K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining bir guruh dotsent-o‘qituvchilari xay’at a’zolari sifatida tashrif buyurib, tanlov ishtirokchilarini munosib baholashda o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Tanlovdan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning badiiy didini rivojlantirish, ijodiy qobiliyatlarini namoyon etish hamda bahor faslining go‘zalligi va yangilanish ruhini san’at orqali ifodalashdan iborat bo‘ldi.

Tanlovda o‘quvchilar rangtasvir, grafika, kollaj, qog‘ozdan ishlanmalar, milliy hunarmandchilik buyumlari hamda turli amaliy san’at yo‘nalishlarida o‘z ijodiy ishlarini taqdim etdilar. Ishtirokchilar o‘z asarlarida bahorning uyg‘onishi, tabiatning go‘zalligi, milliy qadriyatlar, Navro‘z bayrami an’analari va ona yurt manzaralarini mahorat bilan aks ettirdilar.

Hakamlar hay’ati tomonidan ishlar mazmuni, ijodkorlik darajasi, rang tanlovi va ishlash texnikasiga alohida e’tibor qaratildi. Tanlov yakunida eng faol va iqtidorli o‘quvchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar. G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tanlovda 19-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi tasviriy san’at bo‘limi o‘quvchilari muvaffaqiyatli ishtirok etishdi va diplomlar bilan taqdirlanishdi.

Mazkur tanlov o‘quvchilarning ijodiy fikrlashini rivojlantirish, san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etdi.