Joriy yilning 19-avgust kuni Toshkent shahridagi O‘zbekiston davlat Konservatoriyasida Madaniyat vazirligi tizimidagi ta’lim tashkilotlarning Respublika kengashi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kengash yig‘ilishida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, madaniyat vaziri o‘rinbosari Sanjar Bobojonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar Madaniyat boshqarmalari boshliqlari, oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari, Kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish markazlari, oliy maktablar, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari, bolalar musiqa va san’at maktablari direktorlari, jami 450 nafarga yaqin soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi kengash ishtirokchilari tomonidan kuylandi. So‘ng, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov so‘zga chiqib tadbirni ochib berdi va nutq qildi.
Shu bilan birga, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev hamda boshqa mas’ullar tomonidan Respublika kengashi davomida ishtirokchilarga Madaniyat vazirligi tomonidan sohaga oid amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi istiqbolli rejalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlari, oliy maktablar, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘rtasidagi uzviy integratsiyani yanada kuchaytirish, tizimdagi mavjud muammolar va ularning yechimlariga doir takliflar muhokama qilinib, sohadagi eng dolzarb yangiliklar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Tadbir davomida Davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan talabgorlarga “Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasining sohibi” guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi hamda 2025/2026-o‘quv yilida yuqori natijaga erishgan ta’lim tashkilotlari rahbarlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Kengash doirasida bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, ta’lim tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, ta’lim sifatini yuksaltirish, pedagog xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, boshqaruv tizimini takomillashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda ijodiy birlashmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan islohotlar va yaratilayotgan keng imkoniyatlar e’tirof etildi.
Kunning ikkinchi yarmida, kengash ishtirokchilari 4 ta sho‘baga bo‘linib, yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim sifati va o‘quv-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish, iqtidorli o‘quvchi-talabalar bilan ishlash tizimini rivojlantirish, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va malakasini oshirish jarayonlarini samarali tashkil etish, shuningdek, madaniyat va san’at ta’limi sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglanadi.
So‘ng, yangi o‘quv yilida ta’lim tizimining sifatini oshirish, ijodiy muhitni mustahkamlash, madaniyat va san’at sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan amaliy choralar belgilanadi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda vazirlik tizimida 9 ta oliy ta’lim tashkiloti va ularning filiallari, 2 ta kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari, 3 ta oliy maktab, 28 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi hamda maktab-internatlari va 326 ta bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyat yuritmoqda. Ushbu tashkilotlarda jami 105 ming nafardan ortiq o‘quvchi va talabalarga 18 mingdan ziyod pedagog va professor-o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda.